4-sentyabrdan boshlab Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzuridagi birinchi ambulatoriya maktabida boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim bo‘yicha darslar o‘tilmoqda, turli yo‘nalishlarda rivojlantiruvchi to‘garaklar faoliyat yuritmoqda, bolalar art-terapiya bilan qiziqib shug‘ullanishmoqda. Bundan tashqari, bolalar, ota-onalar va o‘qituvchilar uchun psixologik-pedagogik yordam xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Maktabning barcha mutaxassislari gospital sharoitda ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tdilar.
Maktabga tashrif chog‘ida "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi bolalar va ota-onalar bilan samimiy suhbatlashdi, pedagoglarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklab, o‘z olijanob vazifasiga ko‘rsatayotgan mehri uchun ularga chuqur ehtirom va minnatdorlik bildirdi.




