2024-2030 yillarda barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish xalqaro strategiyasi
1-BOB: UMUMIY QOIDALAR

2024-2030-yillarda barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish xalqaro strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) davlat organlari, taʼlim muassasalari, jamoat va ilmiy tashkilotlar, bolalar va yoshlar, shuningdek, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq faoliyatda ishtirok etuvchi boshqa manfaatdor tomonlar oʻrtasida samarali hamkorlik uchun global asos yaratadi. Ushbu strategiya bolalar va yoshlarning sogʻlom atrof-muhitda yashash huquqini taʼminlashga va ularning iqlim jarayonlarida xalqaro darajada faol ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

Strategiya inklyuzivlik va barcha uchun teng imkoniyat yaratishga eʼtibor qaratib, geografik joylashuvi, etnik mansubligi, dini, ijtimoiy-iqtisodiy maqomi va jismoniy imkoniyatlaridan qatʼi nazar barcha bolalar va yoshlarni ularning ekologik masalalarni hal qilishga jalb qilishni taʼminlashga qaratilgan. Ushbu strategiya turli ijtimoiy qatlamlardagi bolalar va yoshlarga ekologik tashabbuslar va qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish imkoniyatini yaratish, barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilish va global ekologik masʼuliyat madaniyatini shakllantirishni maqsad qiladi.

 

Strategiyaning asosiy maqsadi — iqlim oʻzgarishi tufayli kelib chiqadigan ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni hal qilishda bolalar va yoshlarning ustuvor rolini tan olish va belgilash. U yoshlarni iqlimga oid harakatlarga jalb qilish, safarbar qilish va ularning faol ishtirokini ragʻbatlantirish hamda ekologik madaniyatni shakllantirish va barqaror rivojlanish tamoyillarini anglash uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan.

Strategiyaning muhim jihati uning xalqaro standartlarga va tashabbuslarga, jumladan, BMT tashabbuslariga muvofiqligidadir. Bularga quyidagilar kiradi:

  1. YUNISEFning bolalar, yoshlar va iqlim sohasidagi harakatlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi imzolangani, u davlatlarni bolalarning ehtiyojlari, huquqlari va manfaatlarini oʻz iqlim siyosati va faoliyatiga integratsiya qilish majburiyatini yuklagani.
  1. BMTning global ekologik taʼlim (GEP) tashabbusi qoʻllab-quvvatlangani. Ushbu tashabbus pedagoglar, oʻquvchilar va jamiyatning iqlim oʻzgarishiga bardoshliligini oshirish uchun taʼlimni asosiy vosita sifatida qoʻllashga qaratilgan. Shuningdek, taʼlim tizimlarining iqlim oʻzgarishiga chidamliligini oshirishga va iqlim taʼsirlaridan himoyalangan maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablarni barpo etishga koʻmaklashadi.

"Yashil" taʼlim va barqaror rivojlanish madaniyatini global miqyosda joriy qilish uchun quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga olgan poydevorni mustahkamlash zarur:

– Klassik muhandislik va ekologik taʼlim tizimini, shuningdek, geografik, biologik, geologik va iqtisodiy taʼlim tizimlarini oʻzgartirish.

– Maktabgacha va oʻrta taʼlim standartlarini qayta koʻrib chiqish va ularga barqaror rivojlanish elementlarini kiritish.

– Barqaror rivojlanish maqsadlari va "yashil" taʼlimni standartlarni ishlab chiqish va taʼlim sohasini islohi qilish va rivojlantirish bilan bogʻliq qarorlar qabul qilish jarayonlariga integratsiya qilish.

Strategiya xalqaro tajribaga asoslangan boʻlib, turli hududlardagi taʼlim anʼanalarining bardavomligi, fanlararolik, fundamentallik va majmuaviylik kabi tamoyillarini hisobga oladi. Tegishli taʼlim insonning XXI asrda global barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun zarur ekologik va etik normalar, qadriyatlar, koʻnikmalar va hayot tarzini oʻzlashtirishiga koʻmaklashishi lozim.

Ushbu strategiya BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) vazifalariga muvofiq amalga oshiriladi va quyidagi xalqaro kelishuvlarga tayanadi:

6-modda boʻyicha Doxa ish dasturi: Taʼlim, oʻqitish va jamoatchilikni xabardor qilish.

– Iqlim toʻgʻrisidagi konvensiya doirasida vazirlarning taʼlim va xabardorlikni oshirish boʻyicha Lima deklaratsiyasi.

BMT EIKning barqaror rivojlanish uchun taʼlim strategiyasi: Bu strategiya barqaror rivojlanish uchun taʼlim "insonlarni bilim va maxsus koʻnikmalar bilan taʼminlaydi, ularning kompetentligi va oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi hamda tabiat bilan uygʻunlikda sogʻlom va samarali hayot kechirishlari hamda ijtimoiy qadriyatlar, gender tenglik va madaniy xilma-xillik toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishlari uchun imkoniyatlarni kengaytiradi", deb taʼkidlaydi.

Koʻrsatilgan hujjatlarda yoshlar orasida barqaror rivojlanish qadriyatlarini anglash va qabul qilish, ularni ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni hal qilishga jalb qilish muhimligi taʼkidlanadi.

Ushbu strategiya Markaziy Osiyo, Turkiya, Ozarbayjon va Vengriyada iqlim kun tartibida faol ishtirok etayotgan bolalar va yoshlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va ularning manfaatlari va talablarini hisobga oladi.

2-BOB: EKOLOGIK TAʼLIM VA "YASHIL" KOʻNIKMALARNI RIVOJLANTIRISH

"Yashil" taʼlim iqlim oʻzgarishiga qarshi global kurashning eng muhim elementidir, biroq uning amalga oshirilishi turli mintaqalarda juda farq qiladi. Ushbu Strategiya butun dunyoda ekologik taʼlimga yanada muvofiqlashtirilgan va tizimli yondashuv zarurligini, uni ham rasmiy, ham norasmiy taʼlim tizimlariga integratsiya qilish kerakligini tan oladi.

 

Ekologik taʼlim va "yashil" koʻnikmalarni rivojlantirish dasturlari maktabgacha taʼlimdan boshlab barcha taʼlim darajalarida oʻquv rejalari va sinfdan tashqari taʼlimga kiritilishi lozim.

 

Maktabgacha taʼlimda ekologik taʼlim va "yashil" koʻnikmalarga jalb qilish tabiiy hodisalarni kuzatish, tajribalar oʻtkazish va situativ suhbatlar kabi maʼrifiy-tadqiqot faoliyatini oʻz ichiga olishi kerak. Maktab darajasida esa oʻquvchilarda resurslarni tejash koʻnikmalarini shakllantirish uchun integrativ yondashuv zarur boʻlib, bu amaliyot darslarini koʻpaytirishni oʻz ichiga oladi. Bu darslar oʻquvchilarga sinfda ham, uning tashqarisida ham turli loyihalarda faol ishtirok etish imkonini berishi, shu orqali oʻquv dasturlarini real ekologik muammolar bilan bogʻlashi kerak.

 

Maktablarda ekologik taʼlimni yanada rivojlantirish uchun bolalar va yoshlarni ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etish imkonini beradigan dasturlarni joriy qilish zarur. Bunday amaliy yondashuv ekologik va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirish bilan birga, ekologik madaniyatni oʻquvchilar hayotiga joriy qilish va ularni kelgusidagi ekologik muammolarni samarali hal qilishga tayyorlash imkonini beradi.

3-BOB: YOSHLARNING IQLIMGA OID HARAKATLARINI QOʻLLAB-QUVVATLASH

Hozirgi bolalar va yoshlar atrof-muhit tanazzulining uzoq muddatli oqibatlarini oʻz tajribalarida his qiladigan avloddir. Iqlim oʻzgarishi ularning ham buguni, ham kelajagini shakllantirmoqda.

 

Shu sababli oʻsmirlar va yoshlar oʻz hamjamiyatlarini xabardor qilish va safarbar etish boʻyicha yoshlar ekologik tashabbuslari orqali quyi darajadagi harakatlarda faol tashabbus koʻrsatmoqda. Shuningdek, yoshlar iqlim oʻzgarishi boʻyicha muzokaralarda, jumladan, BMT IOʻHK raisligi doirasida iqlim boʻyicha yoshlar chempioni YOUNGO kabi institutsionallashgan yoshlar platformalari orqali BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyalarida (KOP) ham faol ishtirok etib kelmoqda.

 

Bolalar va yoshlar yoshlar rahbarligida amalga oshiriladigan dasturlar va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash hamda yoshlarning faol ishtiroki va ijobiy oʻzgarishlar uchun harakat qilishlarini ragʻbatlantirish uchun ularga doimiy koʻmak va sarmoya zarur. Yoshlarga mahalliy, milliy va mintaqaviy darajada iqlimga oid qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishlari uchun institutsional platformalar kerak. Yoshlar samarali tashviqot, muzokaralar va kampaniyalar oʻtkazish uchun axborot va koʻnikmalarga muhtoj.

4-BOB: MAQSAD VA VAZIFALAR

Ushbu strategiyaning maqsadi — bolalarning sogʻlom atrof-muhitga boʻlgan huquqlarini taʼminlash, ekologik taʼlim va "yashil" koʻnikmalarni rivojlantirish, shuningdek, milliy, mintaqaviy va global miqyosda ekologik jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatini yaratish uchun zarur institutsional va maʼmuriy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish.

 

Strategiyaning asosiy maqsadlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

– Butun dunyoda bolalar va yoshlarning iqlim oʻzgarishi va iqlim boshqaruvi jarayonlarini tushunishlarini yaxshilaydigan, kelajakdagi chaqiriqlarga moslashish va ularni yumshatish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantiradigan taʼlim, axborot va resurslarga ega boʻlishlarini taʼminlash;

– "Yashil" taʼlimni joriy etish boʻyicha umumiy global nazar va tegishli milliy siyosatlar va harakatlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek, tegishli oʻquv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish;

– Milliy va xalqaro darajada ekologik masalalar boʻyicha yoshlarni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb qilish va siyosat ishlab chiqishni ragʻbatlantirish uchun umumiy konsepsiya va tegishli milliy platformalarni yaratish;

– Bolalar va yoshlarning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash va kuchaytirish uchun mamlakatlar va turli manfaatdor tomonlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash va sherikliklar oʻrnatish;

– Maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida "yashil" taʼlimni qoʻllab-quvvatlash, barqaror infratuzilma va "yashil" taʼlim muhitini yaratish uchun taʼlim muassasalarining salohiyatini mustahkamlash.

5-BOB: TATBIQ ETISH TIZIMI

Ushbu Strategiyaning maqsad va vazifalariga erishish uchun milliy va xalqaro darajadagi barcha tegishli organlarning harakatlarini muvofiqlashtirish zarur. Strategiya global darajada sherikliklar yaratish, mamlakatlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy maqomi, jinsi, etnik mansubligi, dini yoki nogironlik holatidan qatʼi nazar barcha bolalar va yoshlar tabiatni muhofaza qilish tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishini taʼminlash muhimligini taʼkidlaydi.

 

Strategiya, shuningdek, bolalar va yoshlar barqaror xulq-atvorni amalda qoʻllashlari mumkin boʻlgan qulay muhit yaratishga chaqiradi — masalan, plastikdan foydalanishni qisqartirish, elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish va "yashil" yechimlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish. Taʼlim muassasalarini qurish va taʼmirlashda "yashil" yechimlardan foydalanish, yashil maydonlarni asrash hamda tabiiy fanlar va ekologiya boʻyicha amaliy darslarni joylarda oʻtkazish barqaror amaliyotlarni namoyon qilishning samarali usuli boʻladi.

 

Ushbu strategiyaning amalga oshirilishi Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) va 6-modda boʻyicha Doxa ishchi dasturi, Iqlim konvensiyasi doirasida vazirlarning taʼlim va xabardorlikni oshirish boʻyicha Lima deklaratsiyasi hamda BMT YeIKning barqaror rivojlanish uchun taʼlim boʻyicha strategiyasi kabi xalqaro kelishuvlar asosida amalga oshiriladi.

6-BOB: YOSHLARNING TAKLIFLARI
  1. Bolalarning sogʻlom atrof-muhitga boʻlgan ajralmas huquqini amalga oshirish

 

– Bolalar, ayniqsa qishloq va marginallashgan hamjamiyatlarda yashayotganlar iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitning ifloslanishi oqibatlariga ayniqsa taʼsirchan ekanligini tan olish.

– Bolalarga yoʻnaltirilgan, oziq-ovqat, sanitariya, sogʻliqni saqlash, toza suv va havodan bahramandlikni taʼminlagan holda hamjamiyatlar barqarorligini oshiradigan adaptatsiyaviy strategiyalariga sarmoya kiritish.

– Bolalarga tushunarli tarzda iqlim va ekologik hujjatlar va siyosatlarni kiritish yoʻli bilan bolalarning oʻz huquqlari va imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirish.

– Kompleks strategiya yordamida uy xoʻjaliklarida elektr taʼminoti, isitish va ovqat tayyorlashga alohida eʼtibor qaratgan holda ekologik toza energiya manbalariga oʻtishga koʻmaklashish.

– Ekologiya, iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish (ofatlar xavfini kamaytirish) boʻyicha bolalar huquqlarini himoya qilish uchun mintaqaviy va global sherikliklar yaratish.

 

  1. Bolalar va yoshlarning iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq jarayonlardagi ishtirokining ahamiyatini oshirish

 

– Milliy yoshlar parlamentlari va hukumat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari (FJT) huzurida yoshlar maslahat guruhlarini tashkil etish orqali yoshlarni qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb qilish.

– Yoshlarning iqlim oʻzgarishi boʻyicha tashabbuslarini mintaqaviy va global darajada moliyalashtirish va qoʻllab-quvvatlash uchun "Yoshlar iqlim fondi"ni tashkil qilish.

– Yoshlarning iqlim sohasidagi qoʻshma tashabbuslari, hamkorligi va transchegaraviy yechimlarni rivojlantirish uchun turli mintaqa va mamlakatlardagi yoshlarni birlashtiruvchi Yoshlar iqlim tarmogʻini tashkil qilish.

– Yoshlar xalqaro forumlar va muzokaralarda qatnashishi uchun koʻproq imkoniyatlar taqdim etib, yoshlarning iqlim boʻyicha qarorlar qabul qilish platformalardagi global ishtirokini oshirish.

 

  1. Uzluksiz “yashil” taʼlim va ekologik madaniyatni shakllantirish orqali bolalar va yoshlarning salohiyatini mustahkamlash

 

– Tushunarli taʼlim kontentini (teledasturlar, hujjatli filmlar, multfilmlar, qoʻshiqlar, kitoblar, oʻyinlar va h.k.) yaratib, milliy va global ommaviy axborot vositalari orqali bolalarning oʻz huquqlari haqida xabardorligini oshirish va ekologik bilimlarini oshirish.

– Iqlimga oid taʼlimni uni maktab dasturiga kiritish yoki taʼlim sohasidagi milliy siyosatga muvofiq iqlim oʻzgarishiga bagʻishlangan yangi fanni qoʻshish orqali yoshlar orasida ilgari surish.

– Iqlim masalalarini debatlar, BMT IOʻHK Tomonlari Konferensiyasi ishini modellashtirish, badiiy tanlovlar, iqlimga taʼsir qilgan hududlarga sayohatlar, yoshlar ekologik klublari va ekologik volontyorlik kabi maktabdan tashqari tadbirlarga kiritish.

– Maktab seminarlari, ota-onalar yigʻilishlari va aholi bilan ishlash dasturlari orqali ota-onalarning ekologik va iqlimga oid faollikning xavfsizligi va muhimligi toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirish.

 

  1. Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi siyosatning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) muvofiqligini taʼminlash

 

– Qiziqarli boʻladigan, bolalarning ishtirokiga yoʻnaltirilgan hamda maktabgacha va maktab taʼlimi yoshiga mos keladigan BRMga bagʻishlangan oʻquv dasturini ishlab chiqish.

– Bolalar ekotizimdagi oʻz rolini tushunishi uchun mahalliy madaniy, iqtisodiy va diniy xususiyatlarni hisobga olgan holda kontekstli taʼlimni taʼminlash.

– Iqlimga moslashish va tabiiy resurslarni boshqarish boʻyicha eng yaxshi mahalliy yechimlardan foydalangan holda bolalar va yoshlarni "yashil" koʻnikmalarga va oʻz bilimlarini amaliyotda boshqalar bilan boʻlishishga oʻrgatish.

- Iqtidorli talabalarni yanada ilgari surish hamda mahalliy va milliy hokimiyat organlariga jalb qilish.

- Iqlim oʻzgarishi va BRM boʻyicha taʼlimni oʻquv jarayoniga kiritish, shuningdek, boʻlajak pedagoglar va oʻqituvchilarni tayyorlashda tarmoqlararo istiqbolni hisobga olish.

- Ushbu mavzuni sertifikatlash imkoniyati bilan muntazam oʻquv kurslari materiallariga kiritish orqali BRM boʻyicha oʻqituvchilar salohiyatini qulay formatda oshirish.

- Iqlim va BRM uchun kurash tarafdorlarini jalb qilgan holda "teng-tengga" tamoyili asosida oʻqitish imkoniyatini yaratish.

- BRMga erishishga qaratilgan tashabbuslarni, ayniqsa, zaif va marginallashgan guruhlar, bolalar va yoshlar manfaatlarini hisobga olgan holda moliyalashtirishni taʼminlash.