Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlar oʻrtasidagi ekologik kun tartibi boʻyicha Maslahat qoʻmitasi toʻgʻrisida nizom

1. Umumiy qoidalar

 1.1. Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlar oʻrtasidagi ekologik kun tartibi boʻyicha maslahat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda - Maslahat qoʻmitasi) bosh qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan, unga kiruvchi Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlarning ekologik kun tartibiga jalb qilingan yoshlar tashkilotlari, birlashmalari, harakatlarining (keyingi oʻrinlarda - Yoshlar hamjamiyatlari) faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

 1.2. Maslahat qoʻmitasi Osiyoda oʻzaro hamkorlik, tinchlik va doʻstlikni mustahkamlash uchun Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlar oʻrtasida har tomonlama hamkorlikka koʻmaklashish maqsadida tuziladi.

 1.3. Ushbu Nizom zamirida ekologik hamkorlik Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalarda barqaror rivojlanishini taʼminlashning eng muhim omili ekanligi haqidagi tasavvur yotadi.

 

2. Vazifalar va faoliyat yoʻnalishlari

 2.1. Maslahat qoʻmitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

 2.1.1. Yoshlar hamjamiyatlari oʻrtasida samarali mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish;

 2.1.2. Ekologik kun tartibini amalga oshirishda Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar yoshlarining ishtirokini ragʻbatlantirish;

 2.1.3. Yoshlar hamjamiyatlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muloqotlar va aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish;

 2.1.4. Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlar yoshlarining manfaatlari yoʻlida hamkorlik sharoitlarini takomillashtirish boʻyicha tavsiya va takliflar ishlab chiqish;

 2.1.5. Yoshlar hamjamiyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida axborot almashish;

 2.1.6. Yoshlar hamjamiyatlarining hamkorlik rejalari/dasturlarini ishlab chiqish;

 2.1.7. Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlar yoshlari uchun loyihalarni amalga oshirish va tadbirlar, shu jumladan ommaviy kampaniyalar, loyihalar, davlatlararo yoshlar aksiyalarini oʻtkazish, munozara klublari, davra suhbatlari, yoshlar forumlari, eko-oromgohlar va konferensiyalarni tashkil etish.

 

3. Maslahat qoʻmitasining tuzilmasi va faoliyat koʻrsatish tartibi

 3.1. Maslahat qoʻmitasi ikki organdan iborat. Maslahat qoʻmitasining organlari - "Maslahat qoʻmitasining Vasiylik kengashi" va "Maslahat qoʻmitasiga aʼzo davlatlarning vakillari". Maslahat qoʻmitasining oliy mansabdor shaxsi "Maslahat qoʻmitasi raisi" hisoblanadi.

 3.1.1. Maslahat qoʻmitasining Vasiylik kengashi tarkibiga Maslahat qoʻmitasi raisi, Rais kotibi va har bir mamlakatdan bir nafar oliy mansabdor shaxs kiradi;

 3.1.2. Maslahat qoʻmitasi aʼzo davlatlar vakillaridan – har bir davlatdan 2 kishidan iborat boʻladi. Quyidagilar Maslahat qoʻmitasiga tayinlangan aʼzo davlatlarning vakillari hisoblanadi:

  • davlat organlarining bir yoki bir nechta vakillari (mamlakatning Maslahat qoʻmitasi faoliyatida ishtiroki uchun masʼul boʻlgan davlat tashkiloti nomidan barcha hujjatlarga oid va tashkiliy masalalar bilan shugʻullanuvchi shaxslar),
  • yoshlarga oid va ekologiya siyosatini amalga oshiruvchi jamoat yoshlar va boshqa tashkilotlar/birlashmalar/faollarning bir yoki bir nechta vakillari.

 3.2. Maslahat qoʻmitasiga aʼzo davlatlarning vakillari oʻz vazifalarini bajarish chogʻida tegishli yuboruvchi davlatning ichki normalariga amal qiladilar.

 3.3. Maslahat qoʻmitasining majlislari zaruriyatga koʻra, lekin yiliga kamida ikki marta oʻtkaziladi hamda Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlarning aksariyati ishtirok etgan taqdirda zarur kvorumga ega boʻladi.

 3.4. Maslahat qoʻmitasi Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlarning istalgan birining tashabbusi bilan navbatdan tashqari majlislar oʻtkazishi mumkin. Mamlakatlar Maslahat qoʻmitasi raisiga navbatdan tashqari majlis oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin majlisning kun tartibi, muddatlari va oʻtkaziladigan joyi toʻgʻrisidagi taklif bilan soʻrov yuboradilar.

 3.5. Navbatdagi va navbatdan tashqari majlis oʻtkaziladigan joy va sana qabul qiluvchi davlat tomonidan maʼlum qilinadi.

 3.6. Maslahat qoʻmitasining qarorlari konsensus asosida qabul qilinadi va tavsiyaviy xususiyatga ega boʻladi.

 3.7. Maslahat qoʻmitasiga aʼzo davlatlar vakillarini xizmat safariga yuborish xarajatlarini yuboruvchi tomon qoplaydi.

 3.8. Majlisni oʻtkazishning tashkiliy-texnik taʼminotiga oid xarajatlar qabul qiluvchi tomon zimmasida boʻladi.

 

4. Maslahat qoʻmitasi raisi

 4.1. Maslahat qoʻmitasining raisi - Maslahat qoʻmitasining yakuniy va yagona qarorini chiqaruvchi Maslahat qoʻmitasining oliy rahbarlik lavozimidir. Maslahat qoʻmitasi raisi Vasiylik kengashi bilan birgalikda va Aʼzo davlatlar vakillari bilan yaqin muvofiqlashuvda ish olib boradi.

 4.2. Maslahat qoʻmitasi raisi aʼzo davlatlar vakillari orasidan saylanadi:

 4.2.1. Maslahat qoʻmitasi raisi lavozimiga nomzodlar Vasiylik kengashi tomonidan ilgari suriladi, har bir mamlakatdan bir nafar nomzod koʻrsatiladi;

 4.2.2. Maslahat qoʻmitasining navbatdagi raisi Vasiylik kengashi tomonidan alifbo tartibida qoʻmitaga aʼzo davlatlarning vakillari orasidan saylanadi. Navbatdagi majlis raisi Maslahat qoʻmitasi majlisi vaqtida saylanadi;

 4.2.3. Oʻz vazifalarini bajarmagan, aʼzo davlatlarning vakillari tomonidan asoslangan shikoyatlar yoki oʻz vazifalarini bajarishga imkon bermaydigan boshqa holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Vasiylik kengashining qaroriga koʻra Maslahat qoʻmitasi raisi lavozimiga navbatdan tashqari saylov oʻtkazilishi  mumkin.

 

5. Maslahat qoʻmitasi kotibi

5.1.1. Maslahat qoʻmitasi kotibi - Maslahat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari hisoblanadi va quyidagi vazifalarni bajaradi:

      • Amalga oshirilayotgan ishlar monitoringi va ishchi hujjatlarni tuzish uchun masʼul hisoblanadi;
      • Maslahat qoʻmitasi majlislari kun tartibi loyihasini tayyorlaydi;

 5.1.2. Qabul qiluvchi mamlakat bilan muvofiqlashgan holda Maslahat qoʻmitasi majlislarini tashkil etish va bunday tadbirlarni texnik qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash bilan shugʻullanadi;

 5.1.3. Maslahat qoʻmitasi majlislarida qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;

 5.1.4. Maslahat qoʻmitasi Raisi, Vasiylik kengashi va Maslahat qoʻmitasiga aʼzo davlatlar vakillarini Maslahat qoʻmitasi majlislarida qabul qilingan hujjatlarning nusxalari bilan taʼminlaydi.

 5.2. Kotib Maslahat qoʻmitasining majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlarning tegishli davlat tuzilmalari va/yoki yoshlar tashkilotlari/birlashmalari/harakatlarining vakillarini taklif qilishi mumkin.

 5.3. Maslahat qoʻmitasi kotibi Maslahat qoʻmitasi Raisi tomonidan Maslahat qoʻmitasiga aʼzo davlatlarning vakillari orasidan ushbu lavozimga saylanganidan keyin tayinlanadi.

 

6. Yakuniy qoidalar

 6.1. Ingliz, rus tillari Maslahat qoʻmitasining ishchi tillari hisoblanadi.

 6.2. Imzolash yoki qabul qilish uchun rasmiy hujjatlarning tili ingliz tili hisoblanadi.

 6.3. Ushbu Nizom Vasiylik kengashi tomonidan qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

 6.4. Maslahat qoʻmitasi Vasiylik kengashining qaroriga koʻra va Maslahat qoʻmitasiga aʼzo davlatlar vakillarining tavsiyasiga koʻra ushbu Nizomga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Markaziy Osiyo va Turkiy mamlakatlar oʻrtasidagi ekologik kun tartibi boʻyicha maslahat qoʻmitasi toʻgʻrisida nizom